...
01.02.2024
97 marta o'qildi

O‘zbekiston-Xitoyning energetika hamkorligida yangi bosqich!

 

    Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev boshchiligida Xitoy Xalq Respublikasi bilan olib borilayotgan hamkorlik va do‘stlik rishtalari o‘zining tag zaminiga ega.

    Markaziy Osiyo va Xitoy munosabatlari ildizi bir necha ming yillik tarixga borib taqaladi. Bugungi davrda ham O‘zbekiston va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik strategik sheriklik darajasida davom etmoqda.

    Joriy yilning 23-25 yanvar kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy davlati rahbari Si Szinpin taklifiga binoan rasmiy davlat tashrifi  Xitoy Xalq respublikasida  bo‘ldi.

    Mazkur tashrif davomida davlatimiz rahbari Xitoy Xalq respublikasi Raisi Si Szinpin va bir qancha rasmiy yuqori doira rahbarlari hamda korporatsiyalar, kompaniyalar kabi biznes doira rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Jumladan, Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifini XXR Davlat kengashi Bosh vaziri Li Syan, Xalq siyosiy maslahat kengashi Butunxitoy qo‘mitasi Raisi Chjao Letszi, Guandun muzofoti partiya qo‘mitasi kotibi Xuan Kunmin , Ipak yo‘li fondi raisi Chju Szyun, CNPC neft-gaz korporatsiyasi raisi Day Xoulyan, CITIC korporatsiyasi rahbari Si Goxua, Xitoy Eksport-import banki raisi Vu Fulin, “SANY” kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Syan Venbo, “CSG” kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Men Chjenpin kabilar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi va ikki tomonlama muloqotlar olib bordi. Davlatimiz rahbarining Xitoy rasmiylari bilan uchrashuv jarayonida ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik va har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari yuzasidan batafsil fikr almashildi.

    Uchrashuvda O‘zbekiston va Xitoy aloqalarini joriy holati yaxshi baholandi va istiqboldagi har tomonlama hamkorlik jarayoni haqqida fikr almashildi.

    Uchrashuv jarayonida tomonlar energetika, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda yuqori texnologik loyihalar, mashinasozlik “Yashil” iqtisodiyot, elektron savdo sohalaridagi hamkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish, mutanosib tovar ayirboshlashga erishish,  va samarali transport yo‘laklarini rivojlantirish, sog‘liqni saqlash, ta’lim sohalaridagi hamkorlik dasturini kengaytirish borasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirishga kelishib oldilar.

    Shu yerda biz O‘zbekistonning Xitoy bilan energetika sohasidagi hamkorligi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tsak.

    Davlatimiz rahbarining mazkur tashriflarida ham energetika sohasini rivojlantirish ustuvor masalalardan biri sifatida ko‘rilganligini ta’kidlab o‘tishimiz mumkin. Aynan ushbu soha bo‘yicha davlatimiz rahbari “CSG” kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Men Chjenpin bilan uchrashdi. Mazkur uchrashuvda Xitoy kompaniyasi ishtirokida loyihalashtirish va injiniring bo‘yicha zamonaviy tizimlarni, energetik xavfsizlikni ta’minlash va energiya tarmoqlarida yo‘qotishlarni kamaytirish bo‘yicha yuksak standartlarini joriy qilish masalalari muhokama qilindi. Bundan tashqari energetika sohasida ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati, uning kelgusida manfaatli kelishuvlarga zamin bo‘ladigan qarorlarni qabul qilish, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish masalalariga ham alohida va atroflicha to‘xtalib o‘tildi. Yaqin kelajakda O‘zbekistonda xitoylik hamkorlar ishtirokida suv, elektr energetika, avtomobil va temir yo‘l sohalarida yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha istiqbolli dasturlarni qabul qilish lozimligi ta’kidlab o‘tildi.

    Mazkur tashrif jarayonida mamlakatimizda gidroenergetika sohasini yanada rivojlantirish sohasida ham bir qancha o‘rganishlar va kelishuvlar amalga oshirildi. Ma’lumki “China Southern Power Grid International”, kompaniyasi bilan GTES loyihalarini O‘zbekistonda amalga oshirish bo‘yicha fikr-mulohaza almashildi, amaliy harakatlar “Yo‘l xaritasi” imzolandi hamda o‘zaro hamkorlik qilish bo‘yicha yo‘nalishlar muhokama qilindi.

    2023-yil oktabr oyida “Bir makon, bir yo‘l” sammitida CSG kompaniyasi bilan quvvati 600 MVt bo‘lgan “Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani Pskem daryosidagi Yuqori Pskem GTES qurilishi” loyihasini hamkorlikda amalga oshirish kelishuvi (Joint Development Agreement – JDA) imzolangan. Kelishuv shartlariga muvofiq, loyihani BOOT (build-operate-ownership-transfer) modelida ishlab chiqishga kelishilgan. “China National Technical Import and Export Corporation” (CNTIC), nufuzli “Sinosure” sug‘urta kompaniyasi, CITIC Bank va Eksimbanklari hamkorligida “Katta Andijon kanalida kichik GESlar kaskadi qurish” (Kugay-1 (6,3 MVt), Kugay-2 (3,1 MVt), Beshqo‘rg‘on GES (2,6 MVt)) loyihasini amalga oshirish bo‘yicha bir qancha kelishuvlarga kelindi. Bundan tashqari “Dong Fang”, “SMEK”, “Zhejiang Jinlun Electromechanic Co., Ltd.”, “Bank of China Limited”  kompaniyalari bilan hamkorlikda Surxondaryo viloyati To‘polang daryosida “Zarchob-3 GES qurilishi” investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida 16 MVt quvvatga teng Zarchob-3 GES qurilishi bilan bog‘liq moliyaviy-iqtisodiy masalalar, kredit kelishuvi, Xitoydan zaruriy asbob-uskunalar hamda texnologik qurilmalarni yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishildi. 

    Mamlakatimiz rahbari mazkur tashrifi davomida energetika sohasida kelishilgan loyihalar amaliyotga joriy etilishi mamlakatda mavjud bo‘lgan energetik ehtiyojni yanada barqarorlashtiradi va xalqimiz manfaatlariga javob beradi. Shu bilan birga davlatlar o‘rtasidagi har tomonlama hamkorlikka amaliy rivojlanishiga xizmat qiladi..

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy

Majlisi Senati a’zosi, senator

A.SANGINOV

 



0 izox
Izox qoldirish
Saytimizning yangi talqini sizga yoqdimi?