...
16.09.2022
380 marta o'qildi

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING QARORI

Ikkinchi jahon urushi faxriylari, fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan fuqarolar, keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslarni manzilli ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish, ularga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar sifatini yanada oshirish hamda ushbu fuqarolarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning shaffof va samarali mexanizmlarini joriy etish maqsadida:
1. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
1941 — 1945 yillardagi urush faxriylari va fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan fuqarolarga, shuningdek, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga bepul yetkazib beriladigan oziq-ovqat mahsulotlari hamda gigiyena tovarlari o‘rniga har oyda bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida qo‘shimcha to‘lov (keyingi o‘rinlarda — qo‘shimcha to‘lov) to‘lab boriladi;
1941 — 1945 yillardagi urush faxriylari va fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan fuqarolarga bepul yetkazib beriladigan zarur kiyim-kechak va poyabzallar o‘rniga kiyim-kechak xaridi uchun har yili avgust oyida bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravari miqdorida to‘lanadigan kompensasiya (keyingi o‘rinlarda — kompensasiya) joriy etiladi.
Bunda, qo‘shimcha to‘lov Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi tomonidan pensiyalarni va nafaqalarni tayinlashga mas’ul bo‘lgan tashkilotga o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar yoki nogironligi bo‘lgan shaxslar to‘g‘risida taqdim etiladigan ma’lumotlar asosida amalga oshiriladi.
Belgilansinki, kompensasiya va qo‘shimcha to‘lovlar mazkur bandda keltirilgan shaxslarga, ularning pensiyalari va nafaqalari to‘lanadigan tartibda to‘lanadi.
2. Qo‘shimcha to‘lov va kompensasiyalarni moliyalashtirish quyidagilar:
a) Pensiya jamg‘armasi hisobida turgan pensiya va nafaqa oluvchilarga:
qo‘shimcha to‘lovlar — Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari;
kompensasiyalar — O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjeti mablag‘lari;
b) Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati, Oliy sud, Konstitusiyaviy sud, Sudyalar oliy kengashi, Bosh prokuratura, Elektron texnologiyalarni rivojlantirish markazi, Milliy gvardiya va Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan tayinlangan pensiya va nafaqalarni oluvchilarga qo‘shimcha to‘lovlar va kompensasiyalar mazkur vazirlik va idoralarga ajratilgan byudjet mablag‘lari hisobidan amalga oshirilsin.
3. Moliya vazirligi ushbu qarorda ko‘zda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan mablag‘lar 2022 yilda Davlat byudjeti parametrlarida 1941 — 1945 yillardagi urush faxriylari va fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan fuqarolarga, shuningdek, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga bepul yetkazib beriladigan oziq-ovqat mahsulotlari, gigiyena tovarlari va kiyim-kechaklar uchun nazarda tutilgan mablag‘larning cheklangan miqdorlari doirasida ajratilishini ta’minlasin.
4. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi, Yoshlar ishlari agentligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari mazkur qarorning 1-bandida keltirilgan imtiyozli toifadagi shaxslarga mahalliy byudjet, «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi, «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi va «Ayollar daftari» ro‘yxatiga kiritilgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha ravishda moddiy ko‘mak va ijtimoiy yordam ko‘rsatib borishni ta’minlasin.
5. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi ushbu qarorning maqsad va vazifalari bosma va elektron axborot vositalarida, shu jumladan Internet jahon axborot tarmog‘i orqali aholi o‘rtasida muntazam, tizimli va keng ko‘lamda yoritib borilishini ta’minlasin.
6. Moliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
7. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib moliya vaziri T.A. Ishmetov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022 yil 8 iyun,
PQ-274-son

(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.06.2022 y., 07/22/274/0501-son)



0 izox
Izox qoldirish
Saytimizning yangi talqini sizga yoqdimi?