Assalomu alaykum, aziz va muhtaram vatandoshlar!
Siz, qadrdonlarimni, ko‘pmillatli butun O‘zbekiston xalqini barchamiz sog‘inib kutgan Navro‘zi olam bilan samimiy muborakbod etishdan baxtiyorman.
Bugun fasllar almashib, yeru ko‘kda ilohiy moʻjizalar yuz bermoqda. Yangi kun, yangi mavsum, yangi hayot nafasi boshlanmoqda. Tabiat uyg‘onishi bilan zimiston kechalardan zerikkan ko‘ngillar yasharib-yayramoqda.
Barcha-barchangizga eng ezgu va samimiy tilaklarimni izhor etishga ijozat bergaysiz.
Xush kelibsan yurtimizga, go‘zal Navro‘z!
“Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!”!
Sharqona Yangi yil hammamizga muborak bo‘lsin!
Mana shu quvonchli kunlarda ona zaminimiz, jonajon O‘zbekistonimiz bamisoli ulkan va muhtasham bir sayilgohga aylanmoqda. Surxon diyorida, Sariosiyoning go‘zal bog‘larida, yam-yashil adirlarida el-yurtimiz sayil-tomoshalar o‘tkazib, Navro‘zni shodu xurramlik bilan kutib olmoqda.
Navro‘zi olam falsafasi bizning orzu-intilishlarimiz, amaliy ishlarimiz bilan uzviy bog‘lanib ketganini bugun har qadamda yaqqol ko‘rish mumkin. “Bir bo‘lsak yagrona xalqmiz, Birlashsak vatanmiz!” degan ezgu g‘oya atrofida birlashgan xalqimizning oliyjanob mehnati bilan mamlakatimizda yangi-yangi zamonaviy korxonalar, shinam uy-joylar, ijtimoiy va madaniy ob’yektlar, yo‘l va ko‘priklar, bog‘ va xiyobonlar barpo etilmoqda.
Tumanimiz qiyofasi kundan-kunga obod va go‘zal bo‘lib bormoqda.
Inson qadrini ulug‘lash, uning hayotiy manfaatlari va ijtimoiy himoyasini ta’minlash, ehtiyojmand aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, millati, tili va dinidan qat’i nazar, har bir yurtdoshimizga mehr va e’tibor ko‘rsatish faoliyatimiz mezoniga aylanmoqda.
Mamlakatimizdagi do‘stlik va hamjihatlik muhiti, yaxshi qo‘shnichilik, tinchliksevar tashqi siyosat tufayli xalqaro maydonda O‘zbekistonimizning obro‘-e’tibori yuksalmoqda.
Navro‘zi olamning insonparvarlik, tinchlik va bag‘rikenglik kabi qadriyatlariga uyg‘un va hamohang bunday ishlarimizni biz kelgusida yanada kengaytiramiz.
Muhtaram yurtdoshlar!
Navro‘zi olam bizni butun borliqni, avvalambor, yer va suv, hayvonot va o‘simlik dunyosini, sof havoni asrab-avaylab, ona tabiatga mehribon farzand bo‘lib yashashga da’vat etadi.
Ana shunday ezgu chorlovga javoban bugungi kunda yurtimizda ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, “Yashil makon” loyihasi doirasida millionlab mevali va manzarali ko‘chatlar ekilmoqda, yangi bog‘u rog‘lar barpo etilmoqda.
Qadimiy qo‘shiqlarimizda Navro‘z xazinalar ochiladigan baraka ayyomi, deb tarannum etiladi.
Mana, bugun mirishkor dehqon va fermerlarimiz, bog‘bon va chorvadorlarimiz yangi mehnat mavsumini boshlamoqda.
Ilohim, bobodehqonlarimizning omadini, baxtini bersin!
Daryolarimiz suvga to‘lib, hosilimiz mo‘l bo‘lsin!
Aziz do‘stlar!
Yoshlik – inson umrining bahori, uning Navro‘z bayramidir. Yoshlik – odamzod kamolot osmonida yulduzdek charaqlaydigan bebaho davrdir.
Bugungi kunda yurtimiz yoshlari xalqaro fan olimpiadalarida, madaniyat va san’at, IT va sport yo‘nalishlaridagi nufuzli tanlov va festivallarda faol ishtirok etib, g‘olib va sovrindor bo‘lib kelayotganlari barchamizni quvontiradi.
Hurmatli bayram ishtirokchilari!
Navro‘zning o‘lmas ruhi ayniqsa mahallalarimiz hayotida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Barchangiz guvohsiz, keyingi ikki-uch oyda bu sohada qanday katta o‘zgarishlar yuz berdi! Mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashlari, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi va uning hududiy tuzilmalari tashkil etildi. Hamma soha va yo‘nalishlar bo‘yicha “mahalla yettiligi” tizimi samarali faoliyat olib bormoqda.
Albatta, bu tizimni tashkil etganimiz, shu boradagi tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligi va daromadini oshirish, kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan dasturlarimiz zamirida katta hayotiy ma’no bor.
Qadrli do‘stlar!
Dunyodagi vaziyat tobora murakkab va tahlikali tus olayotgan hozirgi kunda Navro‘z Yer yuzida turli xalqlar va millatlar o‘rtasida tinchlik va hamkorlikni mustahkamlashdek ezgu maqsadga xizmat qilmoqda.
Fursatdan foydalanib, bugungi davramizda qo‘shni Tojikiston Respublikasi Tursunzoda va Shahrinav tumanlaridan kelgan vakillarini samimiy qutlab, ularning mamlakati va xalqini 21 mart – Xalqaro Navro‘z kuni bilan muborakbod etib, barchalariga qizg‘in salom va tabriklarimizni yo‘llaymiz.
Bu yilgi Navro‘z bayrami fazilatli Ramazon oyida bo‘lib o‘tayotgani uning fayzu tarovatini yanada ziyoda qilmoqda.
Ushbu muborak ayyomda mamlakatimiz mo‘min-musulmonlarini, butun islom ummatini yana bir bor qutlab, ularning chin dildan qilayotgan duolari ijobat bo‘lishini Parvardigori olamdan so‘raymiz.
Aziz va muhtaram vatandoshlarim!
Mana shu bahoriy lahzalarda barchamiz ulug‘ ajdodlarimizning tilaklariga qo‘shilib, ilohim, har kunimiz Navro‘zdek go‘zal, Navro‘zdek fayzli va mazmunli bo‘lsin, deb niyat qilamiz.
Barchangizga sihat-salomatlik, yangi yutuq va zafarlar, oilaviy baxt va farovonlik tilayman.
Yurtimiz tinch, xalqimiz omon bo‘lsin!
Navro‘zi olam barchamizga muborak bo‘lsin!