...
06.10.2022
344 marta o'qildi

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar samaradorligini ta’minlashda xususiy sektor rivojining ahamiyati katta. Shu bois yurtimizda tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ularning erkin faoliyat yuritishlarini ta’minlash borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. 

   “Soliqchi – tadbirkorga ko‘makchi”! Davlat soliq organlarida mazkur tamoyil asosida ishlarning yo‘lga qo‘yilishi, tadbirkorlar bilan bevosita muloqotga kirishish, muammolarini o‘rganish va ularga birgalikda yechim topish imkonini bermoqda.

Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida tumanimizda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’yektlarining turli mazmundagi 452 ta muammolari o‘rganilib, ulardan 387 tasi bevosita soliq organlari xodimlari ko‘magida hal etildi. Jumladan faoliyatini to‘xtatgan 114 nafar tadbirkorlarga amaliy yordam ko‘rsatilib, faoliyatlarini qayta tiklashga erishildi. 

Ishbilarmonlar safining kengayishida berilayotgan soliq imtiyozlari va yengilliklari ham muhim ahamiyat kasb etadi. 

2022 yilning III choragi davomida tumanimizdagi 43 ta xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga nisbatan 310 mln so‘mlik soliq imtiyozlari qo‘llanildi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 27 yanvardagi “Xizmatlar sohasini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq ayrim tadbirkorlik sub’yektlari uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz miqdorida o‘rnatilishi natijasida tumanimizdagi 84 ta korxonalarning ixtiyorida jami 103 mln so‘m mablag‘ qoladigan bo‘ldi.

Aytish kerakki, keyingi yillarda mamlakatimizda aholi va biznes uchun qulayliklarni oshirish, soliq munosabatlarida inson omilini kamaytirish maqsadida soliq ma’muriyatchiligi tubdan isloh qilinmoqda. Xususan, “Avtokameral” dasturiy mahsuli orqali tuman miqyosidagi 59 ta xo‘jalik yurituvchi sub’yektning soliq hisobotlarida xato va kamchiliklar aniqlanib, ularni bartaraf etish yuzasidan tekshiruvdan oldingi tahlil asosida xabarnomalar yuborildi. 

Shundan 41 nafar tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan yo‘l qo‘yilgan

5 mlrd 200 mln.so‘m miqdordagi soliq hisobotlaridagi kamchiliklar o‘z vaqtida to‘liq bartaraf etildi. Natijada tekshirish davomida qo‘llanilishi lozim bo‘lgan 1 mlrd 40 mln. so‘m moliyaviy jarimalar qo‘llanilmasdan, tadbirkorlik sub’yektlari ixtiyorida qoldi.

III chorak davomida soliq to‘lovchilar tomonidan to‘langan ortiqcha to‘lovlar hisob-kitob qilinib, ushbu mablag‘larni boshqa soliq turlaridan mavjud soliq qarzdorligini bartaraf etishga yo‘naltirish yuzasidan 1078 holatda jami 600,0 mln. so‘mlik xulosalar tuman g‘aznachilik bo‘limlariga yuborildi. Shuningdek, ortiqcha to‘langan summalarni hisob raqamiga qaytarish borasida 41 holatda jami 347,4 mln. so‘mlik xulosalar ham tuman g‘aznachilik bo‘limlariga yuborildi.

Eng muhimi, tumanimiz soliq to‘lovchilar tomonidan III chorak davomida 18 104.5 mln. so‘m miqdorida soliq to‘lanib, belgilangan prognoz rejasi 106,0 mln.so‘m ortig‘i bilan bajarildi. Byudjetga yo‘naltirilgan mablag‘larning asosiy qismi 10 845,2 mln.so‘mi, ya’ni 59,9 foizi yuridik shaxslar, 7 259.3 mln.so‘mi yoki 40,1 foizi esa jismoniy shaxslar hissasiga to‘g‘ri keldi.

Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, joriy yil uchun tumanimizdagi jismoniy shaxslarning yer va mol-mulk ob’yektlariga 15 056.3 mln. so‘m soliq hisoblangan bo‘lib, bugungi kunga qadar 9 837,8 mlrd so‘mi soliq to‘lovchilar tomonidan to‘lab berildi.

Soliqlar davlat g‘aznasining asosiy manbaidir. Yurtimiz istiqboli, vatandoshlarimizning farovon turmushi, mudofaa qudrati, ta’lim va tibbiyot taraqqiyoti bevosita sizu biz to‘layotgan soliqlarga bog‘liqdir. Shu bois soliqlarni to‘lab, ezgu va xayrli ishlarga o‘z hissamizni qo‘shaylik. 

 

Go‘zal Samiyeva, 

Sariosiyo tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i



0 izox
Izox qoldirish
Saytimizning yangi talqini sizga yoqdimi?