24.09.2022
328 marta o'qildi

O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING FARMONI

O'ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA TURIZMNI JADAL RIVOJLANTIRISHGA OID QO'ShIMCHA CHORA-TADBIRLAR TO'G'RISIDA

Mamlakatda turizmni milliy iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, hududlarni jadal rivojlantirish, yangi ish o'rinlarini yaratish, aholining daromadlari va turmush darajasini oshirish, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishni ta'minlovchi strategik tarmoqlardan biri sifatida rivojlantirish bo'yicha kompleks chora-tadbirlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Viza rejimining liberallashtirilishi, chet el fuqarolarini ro'yxatga olish tartibining soddalashtirilishi, turizm tarmog'ini rivojlantirish uchun imtiyoz va preferentsiyalar berilishi milliy turizm salohiyatini ichki va tashqi bozorlarda samarali targ'ib qilish imkonini berdi.

Shu bilan birga, o'tkazilgan tahlillar turizm tarmog'ini tartibga soluvchi normativ-huquqiy asosning nomukammalligi, alohida turizm xizmatlarini ko'rsatish qoidalarining, shuningdek chet el fuqarolarining toifalari, bo'lish muddatlari va maqsadlari bo'yicha dunyo amaliyotida keng qo'llaniladigan alohida viza rejimlarining mavjud emasligini ko'rsatmoqda.

Shuningdek, joylashtirish vositalari va infratuzilma ob'ektlarining, ayniqsa turizm mavsumida yetishmasligi, turli transportlarda yo'lovchilarni tashish tizimining yetarli darajada muvofiqlashtirilmaganligi, shuningdek, turistlarni mavjud turizm salohiyati to'g'risidagi ma'lumotlar bilan ta'minlashni tashkillashtirish darajasining pastligi, ichki turizmni, mamlakat hududlaridagi madaniy meros ob'ektlarining va ziyoratning o'ziga xosliklarini targ'ib qilish bo'yicha marketing kampaniyalarining samarasizligi turizmni jadal rivojlantirishga salbiy ta'sir qilmoqda.

Turizmni, avvalambor, xususiy sektorda rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ko'rsatilayotgan xizmatlarning raqobatbardoshligini va sifatini oshirish, milliy turizm mahsulotini dunyo bozorida faol va kompleks ravishda targ'ib qilish, shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga 2018 yil 28 dekabrda qilgan Murojaatnomasida bildirilgan takliflarni amalda tatbiq etish maqsadida hamda 2017 — 2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yichaHarakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq:

Quyidagilar:
a) quyidagilarni nazarda tutuvchi 2019 — 2025 yillarda O'zbekiston Respublikasida turizm sohasini rivojlantirish Kontseptsiyasi (keyingi o'rinlarda — Kontseptsiya) 1-ilovaga muvofiq:

turizm faoliyati sohasidagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, turizmni rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan xalqaro me'yor va standartlarni implementatsiya qilish;

turizm infratuzilmasini rivojlantirish hamda maqbul va qulay turizm muhitini yaratish;

transport logistikasini rivojlantirish, ichki va tashqi yo'nalishlarni kengaytirish, transport xizmatlari sifatini oshirish;

turizm bozorining turli segmentlariga yo'naltirilgan turizm mahsuloti va xizmatlarini diversifikatsiya qilish;

respublika ichida turizm xizmatlariga bo'lgan ehtiyojni qondirishga yo'naltirilgan turizm faoliyati sub'ektlarining faolligini rag'batlantirishni ta'minlovchi ichki turizmni rivojlantirish;

O'zbekiston Respublikasi turizm mahsulotini xalqaro va ichki turizm bozorlarida targ'ib qilish, mamlakatning sayohat va dam olish uchun xavfsiz sifatidagi imidjini mustahkamlash;

turizm tarmog'i uchun kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirish.

Belgilansinki, Kontseptsiya har yillik alohida chora-tadbirlar rejasini tasdiqlagan holda, uning asosiy yo'nalishlari va maqsadli parametrlarining tegishli davr mobaynida bajarilishiga qarab bosqichma-bosqich amalga oshiriladi;

b) 2019 — 2025 yillarda O'zbekiston Respublikasida turizm sohasini rivojlantirish Kontseptsiyasini amalga oshirish bo'yicha 2019 yilga mo'ljallangan chora-tadbirlar rejasi (keyingi o'rinlarda — Chora-tadbirlar rejasi) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

O'zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi tegishli yil bo'yicha Chora-tadbirlar rejasining bajarilishi yakunlarini tahlil qilgan holda har yili 1 dekabrga qadar keyingi yil uchun Chora-tadbirlar rejasi loyihasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 avgustdagi PQ-3217-son qaroriga asosan tashkil etilgan Turizmni rivojlantirish bo'yicha muvofiqlashtiruvchi kengash (A.N. Aripov) quyidagilarni ta'minlasin:
barcha rejalashtirilgan chora-tadbirlarning samarali tashkil etilishi, o'z vaqtida va sifatli bajarilishi bo'yicha vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish;

Kontseptsiya va Chora-tadbirlar rejasining vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar tomonidan bajarilishini monitoring qilish, shuningdek, har chorakda ushbu Farmonning bajarilishi yuzasidan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga batafsil ma'lumot kiritib borish;

xorijda O'zbekistonning turizm salohiyatini targ'ib qilish va xorijiy turistlarni jalb qilishga qaratilgan qo'shma tadbirlarni o'tkazish bo'yicha «Yo'l xaritasini» har yil tasdiqlash;

har yillik Chora-tadbirlar rejasining bajarilishidan kelib chiqib, lozim bo'lganda, Kontseptsiya parametrlariga o'zgartirish kiritish.

2019 yil 1 fevraldan boshlab 3-ilovagamuvofiq mamlakatlarning fuqarolari uchun O'zbekiston Respublikasi hududiga kirgan kundan e'tiboran 30 kunlik muddatga vizasiz rejim belgilansin.
O'zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi, Tashqi ishlar vazirligi va Davlat xavfsizlik xizmatining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
a) 2019 yil 1 fevraldan boshlab fuqarolari elektron kirish vizasini olish imkoniyatiga ega bo'lgan mamlakatlar ro'yxatini 4-ilovaga muvofiq kengaytirish;

b) 2019 yil 15 martdan boshlab 30 kunlik amal qilish muddati bo'lgan elektron kirish vizasining quyidagi turlarini berish tizimini joriy etish:

ikki martalik, konsullik yig'imi 35 AQSh dollari miqdorida;

ko'p martalik, konsullik yig'imi 50 AQSh dollari miqdorida;

v) O'zbekiston Respublikasiga tashrif buyuradigan xorijiy fuqarolarning ayrim guruhlari uchun 5-ilovaga muvofiq qo'shimcha (elektron bo'lmagan) kirish vizalari toifalarini berishni joriy etish.

O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda O'zbekiston Respublikasiga tashrif buyuradigan xorijiy fuqarolarning ayrim guruhlari uchun qo'shimcha (elektron bo'lmagan) vizalari toifalarini joriy etish bo'yicha zarur chora-tadbirlarni ko'rsin.

6-ilovagamuvofiq xorijiy mamlakatlar fuqarolariga O'zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasini olish huquqi taqdim etilsin.
Belgilansinki, ushbu huquq:

Toshkent viloyati va Toshkent shahrida — 400 000 AQSh dollari ekvivalentidan kam bo'lmagan miqdorda;

Samarqand, Buxoro, Namangan, Andijon, Farg'ona va Xorazm viloyatlarida — 200 000 AQSh dollari ekvivalentidan kam bo'lmagan miqdorda;

Qoraqalpog'iston Respublikasi va respublikaning boshqa viloyatlarida — 100 000 AQSh dollari ekvivalentidan kam bo'lmagan miqdorda ko'chmas mulkni sotib olgan taqdirda beriladi.

O'zbekistonning logistika jozibadorligini tubdan yaxshilash, shuningdek, mahalliy aeroportlarda parvozlarga xorijiy aviakompaniyalarni jalb etish ishlarini muvofiqlashtirish bo'yicha ishchi guruh (keyingi o'rinlarda — Ishchi guruh) 7-ilovagamuvofiq tarkibda tashkil etilsin.
Quyidagilar Ishchi guruhning asosiy vazifalari etib belgilansin:

birinchi navbatda Yevropa va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari bilan tovar aylanmasi, tashiladigan yo'lovchilar soni va investitsiyalarni ko'paytirish uchun respublikadagi transport aloqa tizimini tubdan yaxshilash;

«ziyorat» turizmi yo'nalishi orqali turistlar oqimini oshirish, shu jumladan Indoneziyadan doimiy aviaqatnovlarni ochish uchun aviakompaniyalarni jalb qilish masalalarini tezkorlik bilan hal etish;

turistlar oqimini jalb qilish maqsadida parvozlarning strategik muhim yo'nalishlarini aniqlash;

mamlakat aeroportlarida yangi yo'nalishlarni yo'lga qo'yish maqsadida xorijiy tashuvchilar uchun moslashuvchan chegirma va preferentsiyalar tizimini ishlab chiqish;

o'zaro bog'lovchi qatnovlarni, shu jumladan «mavsumdan tashqari» davrda tashkil etish orqali uzoq magistral yo'nalishlarda yo'lovchilar sonini ko'paytirish;

xorijiy va mahalliy aviakompaniyalar bilan muzokaralar o'tkazish, shuningdek, ularning takliflarini ko'rib chiqish va ularni aeroportlar bo'yicha to'g'ri taqsimlash;

charter reyslarini kelishish mexanizmini soddalashtirish;

mamlakatdagi ayrim aeroportlarda «Ochiq osmon» rejimini joriy etish;

mahalliy aviakompaniyalar tashkil etilishiga ko'maklashish maqsadida normativ-huquqiy bazani qayta ko'rib chiqish;

mamlakat ichkarisida intermodal tashuvlarni (avtobus, temir yo'l va aviatashuvlar) ta'minlash uchun turistlarning transport tashuvini yanada rivojlantirish bo'yicha hujjatlarni ishlab chiqish;

aviakompaniyalar xarajatlarini kamaytirish va iste'molchilar uchun aviachiptalar narxini optimallashtirish;

mamlakat viloyatlari o'rtasidagi ichki aviatashuvlar yo'nalishlari sonini ko'paytirish;

xorijiy yetkazib beruvchilardan aviakerosin sotib olish mexanizmini xarid jarayonida shaffoflik va raqobatni ta'minlagan holda takomillashtirish.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, O'zbekiston Avtomobilь transporti agentligi, «O'zbekiston temir yo'llari» AJ, «O'zbekiston havo yo'llari» MAK boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda blokcheyn texnologiyasidan foydalangan holda reyslarni (avtobus, avia va temir yo'l) qulay tarzda bog'lovchi yo'l chiptalarini sotishni nazarda tutuvchi respublika transport tizimining yagona elektron portalini, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari asosida tashkil etsin hamda uning ishlash tartibini belgilasin.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 8-ilovagamuvofiq o'zgartirish va qo'shimchalar kiritilsin.
O'zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilikka ushbu Farmondan kelib chiqadigan o'zgartirish va qo'shimchalar to'g'risida O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
O'zbekiston Milliy axborot agentligi, O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O'zbekiston Matbuot va axborot agentligi ommaviy axborot vositalarida ushbu Farmonning maqsad va vazifalarini tushuntirishga qaratilgan nashrlar va tematik dasturlarni tashkil etsin.
Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V. Maxmudov va O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari A.A. Abduxakimov zimmasiga yuklansin.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYoEV

Toshkent sh.,

2019 yil 5 yanvarь,

PF-5611-son

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 5 yanvardagi PF-5611-son Farmoniga 
1-ILOVA

2019 — 2025 yillarda O'zbekiston Respublikasida turizm sohasini rivojlantirish

KONTSEPTSIYaSI

2019 — 2025 yillarda O'zbekiston Respublikasida turizm sohasini rivojlantirish Kontseptsiyasi qulay iqtisodiy sharoitlar va omillarni yaratish bo'yicha olib borilayotgan islohotlarning samaradorligini oshirish, turizm sohasini jadal rivojlantirish bo'yicha ustuvor maqsad va vazifalarni belgilash, uning iqtisodiyotdagi o'rni va ulushini oshirish, xizmatlarni diversifikatsiyalash va ularning sifatini oshirish hamda turizm infratuzilmasini takomillashtirishga qaratilgan.

1-bob. Turizm sohasining joriy holati tahlili

O'zbekiston juda katta turizm va rekreatsiya salohiyatiga ega, unda jami 7,4 ming madaniy meros ob'ektlari mavjud, ulardan 209 tasi to'rtta muzey shaharlar — «Xiva shahridagi Ichan-qal'a», «Buxoro shahrining tarixiy markazi», «Shahrisabz shahrining tarixiy markazi», «Samarqand shahri» hududida joylashgan bo'lib, YuNESKO butunjahon merosi ro'yxatiga kiritilgan.

2010 — 2017 yillar davomida turizm xizmatlari eksporti hajmi ikki baravar oshdi va 2017 yilda 546,9 million AQSh dollari, 2018 yilda esa — 1 041 million AQSh dollarini tashkil etdi. 2016 yilgacha xorijiy tashrif buyuruvchilar sonining o'sish sur'ati o'rtacha yillik 8 foizni, 2017 yilda — 7 foizni tashkil qilib, 2,69 million nafardan oshdi. 2018 yil yakunlari bo'yicha respublikaga 5,3 million xorijiy turistlar tashrif buyurdi. Xususiy sektorni qo'llab-quvvatlash va muhofaza qilishga qaratilgan choralar ko'rilgani natijasida, 2015 yilda 398 tani tashkil qilgan turizm tashkilotlari soni 2018 yil yakuni bo'yicha 950 taga, mehmonxona xo'jaliklari soni — 661 tadan 900 taga yetdi.

So'nggi yillarda turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo'yicha yirik investitsiya loyihalari amalga oshirildi, shu jumladan Toshkent shahrida «Nyatt Regency Tashkent» va «Lotte City Notel Tashkent Palace» brendli mehmonxonalar ochilishi, Andijon, Urganch va Toshkent shahrida madaniy-ko'ngilochar bog'larning tashkil etilishi, «Angren-Pop» temir yo'li ochilishi, Buxoro, Qarshi, Shahrisabz va Xiva shaharlariga tezyurar poyezdlar uchun elektrlashtirilgan temir yo'llari ochilishini aytib o'tish joiz.

Turizm sohasida davlat siyosati istiqbolda hududlar va ularning infratuzilmasini kompleks jadal rivojlantirishda turizm sohasi yetakchilik qilishi, dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy vazifalarni yechish, ish o'rinlarini ko'paytirish, hududlar diversifikatsiyasi va rivojlanishini ta'minlash, aholining daromadlari, yashash darajasi va sifatini oshirish hamda mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligi va imidjini yaxshilashga qaratilgan.

2018 yilda kirib kelayotgan xorijiy turistlar sonini ikki baravarga oshirishning muhim omillari sifatida viza rejimi, O'zbekistonda bo'lish qoidalari hamda tadbirkorlik faoliyatini olib borish tartibi soddalashtirilgani, turizm sohasida infratuzilmaning rivojlanishi va turizm salohiyatini targ'ib qilish choralari ko'rilgani ko'rsatish mumkin, shu jumladan:

qo'shimcha 9 ta (umumiy 18 ta) davlatga vizasiz rejim joriy etilgani, fuqarolariga kirish vizalarini berishning soddalashtirilgan tartibi joriy etilgan davlatlar soni 12 tadan 50 taga ko'paygani;

elektron kirish vizalarini rasmiylashtirish va taqdim etish tizimi ishga tushirilgani, O'zbekiston hududidan tranzit bilan o'tayotgan 101 davlat fuqarolariga O'zbekistonga vizasiz kirish, vaqtincha bo'lish va fuqarolarni o'tkazish punktlari orqali chiqib ketish tartibi joriy qilingani;

xorijiy fuqarolarni respublika hududida vaqtinchalik ro'yxatga olish tartibi soddalashtirilgani, mazkur tartib «E-MENMON» tizimi orqali to'liq elektron shaklga o'tkazilgani;

mehmon uylarini sertifikatsiya qilish tartibi bekor qilingani;

respublika hududiga olib kirilayotgan 8 va undan ko'proq yo'lovchi tashishga mo'ljallangan turistik klassdagi avtotransport vositalarini sertifikatsiya qilishning yangi mexanizmi joriy etilgani hamda buning natijasida 2018 yilda turistik klass avtotransport vositalarining parki 128 donaga ko'paytirilgani (47 avtobus va 81 mikroavtobus).

2-bob. Turizm sohasini rivojlantirishning asosiy maqsadlari va bosqichlari

2019 — 2025 yillarda O'zbekiston Respublikasi turizm sohasini rivojlantirishning maqsadlari turizmni milliy iqtisodiyotning strategik sohasiga aylantirish, turistik xizmatlarni diversifikatsiyalash va sifatini oshirish hamda turistik infratuzilmani, shu jumladan xorijiy sarmoyalarni jalb qilish va samarali reklama-marketing ishlarini olib borish evaziga takomillashtirish orqali ilovada ko'rsatilgan maqsadli ko'rsatkichlarga erishish.

Turizm sohasini rivojlantirishning asosiy bosqichlari quyidagilardan iborat:

2019 — 2020 yillarda — turizmni rivojlantirish uchun mustahkam qonunchilik bazani yaratishga qaratilgan institutsional islohotlar, infratuzilmani modernizatsiyalash va mamlakat brendini targ'ib qilish;

2021 — 2025 yillarda — mamlakat iqtisodiyotida turizm industriyasi ulushini ko'paytirish. Ushbu yo'nalishda zarur infratuzilmani rivojlantirish va dunyo bozorida respublikaning turizm salohiyatini targ'ib qilish orqali mamlakatning yalpi ichki mahsulotida turizm ulushini 5 foizgacha (2017 yil yakuni bo'yicha — 2,3%) yetkazish, shuningdek, 2025 yil yakuniga qadar 9 milliondan ortiq turistlarni, shu jumladan uzoq xorijdan — 2 million turistni jalb qilish belgilab quyilgan.

Uzoq istiqbolda O'zbekiston turizmi milliy iqtisodiyotdagi yutuqlar bilan cheklanib qolmasdan, mintaqa va dunyo turistik xizmatlari bozoriga eng raqobatbardosh davlatlar qatorida kirib borishi mumkin.

3-bob. Turizmni rivojlantirishning asosiy yo'nalishlari

Turizm sohasida qisqa muddatli istiqbolga mo'ljallangan maqsadli vazifa va ustuvorlardan kelib chiqib, quyidagi asosiy yo'nalishlar bo'yicha chora-tadbirlarni faol amalga oshirish ko'zda tutilgan:

1) turistik faoliyat sohasiga oid normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, turizm sohasini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan xalqaro me'yor va standartlarni joriy etish, shu jumladan:

turistik faoliyatni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish, bunda qonunchilik asosini kuchaytirish va turizm sohasida tadbirkorlik sub'ektlarini qo'llab-quvvatlovchi normalarni yagona hujjatga birlashtirishni nazarda tutish;

respublikaga asosiy turistik oqimini ta'minlovchi, iqtisodiy barqaror va xavfsiz davlatlarning fuqarolari uchun viza rejimini yanada liberallashtirish bo'yicha bosqichma-bosqich chora-tadbirlarni amalga oshirish;

xususiy sektorni jalb qilish va tadbirkorlar faolligini rag'batlantirish bo'yicha manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirish, sohani barqaror rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;

davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy etish va keng qo'llash.

Yuqorida sanab o'tilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish:

mamlakat normativ-huquqiy bazasini xalqaro standartlar va me'yorlar bilan uyg'unlashtirish, turizm sohasini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, iqtisodiyotda turizm sohasining rolini oshirish uchun iqtisodiy resurslardan samarali foydalanish, shu jumladan 2025 yilda turizm eksportini 951 mln. AQSh dollaridan 2,2 mlrd. AQSh dollarigacha oshirishni ta'minlaydi.

2) turistlarning ehtiyojlari va talablarini inobatga olgan holda, mamlakatning barcha hududlarida turizm infratuzilmasi va yondosh infratuzilmani rivojlantirish, xususan:

talabni inobatga olgan holda, yangi joylashtirish vositalarini qurish va mavjudlarni rekonstruktsiya qilish bilan bir qatorda yondosh infratuzilmani (umumiy ovqatlanish ob'ektlari, transport-logistika tuzilmalari, ko'ngilochar maskanlar industriyasi, madaniy va sport muassasalari, turistik namoyish ob'ektlari va boshqalarni) rivojlantirishga qaratilgan turizm industriyasini rivojlantirish bo'yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish;

mehmonxonalar va boshqa turizm infratuzilmasi ob'ektlarini qurishga oid loyihalarni amalga oshirish mexanizmini soddalashtirish, tadbirkorlarga o'z xizmatlarining sifatini oshirish uchun qo'shimcha shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, jahonga mashhur mehmonxona biznesi brendlarini O'zbekistonga jalb qilishni rag'batlantirish;

joylashtirish vositalarini bosqichma-bosqich rivojlantirish, yirik, o'rta, kichik mehmonxonalar va xostellarni qurishni rag'batlantirish hamda mavjud mehmonxonalarni rekonstruktsiya va modernizatsiya qilishga alohida e'tibor qaratish;

zamonaviy xalqaro standartlarni hisobga olgan holda ko'cha infratuzilmasini (o'tish yo'llari, trotuarlar, kichik arxitektura shakllari, sanitar-gigiyenik shoxobchalar, jismoniy imkoniyati cheklangan insonlar uchun obodonlashtirish elementlari va boshqalarni), shu jumladan turizm-rekreatsion markazlarda yaratish;

turizm navigatsiyasining yagona unifikatsiyalashtirilgan tizimini joriy etish va rivojlantirish, ko'chalarda, hududlarda, turizm namoyishi ob'ekti hisoblangan bino va inshootlar ichida, transport vositalari va tarmoqlarida hamda avtomobilь yo'llarida turizm navigatsiyaning unifikatsiyalashtirilgan ko'rsatkichlarini o'rnatish.

Yuqorida sanab o'tilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish:

turoperatorlar soni 860 dan 1 676 tagacha hamda turizm sohasining boshqa sub'ektlari sonini oshirish evaziga xalqaro standartlarga mos turizm infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek joylashtirish vositalari soni 850 dan 3 000 tagacha o'sishini;

turizm xizmatlari sifati, xilma-xilligi va eksport hajmining o'sishi, jahon bozorining yirik vakillari (brendlarini) jalb qilish va xorijiy investitsiyalar oqimini ko'paytirishni ta'minlaydi.

3) transport logistikasini rivojlantirish, tashqi va ichki yo'nalishlarni kengaytirish, transport xizmatlari sifatini oshirish, shu jumladan:

yo'lovchilar tashuvini rivojlantirish, shu jumladan doimiy transport qatnovini yo'lga qo'yish, turli transport vositalarining qulay tutash bog'lamalarini tashkil etish, turizm markazlarini birlashtiruvchi respublika va mintaqaviy ahamiyatga molik yangi avtomobilь yo'llarini qurish va mavjudlarni rekonstruktsiya qilish, tutash yo'l infratuzilmasi (kemping va servis xizmat ko'rsatish ob'ektlari, umumiy ovqatlanish markazlari, tibbiy va sanitariya shoxobchalarini) yaxshilashga qaratilgan davlatlararo shartnomalar bilan tasdiqlangan dasturni shakllantirish,

transport tariflarini optimallashtirish bo'yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

yirik xalqaro aviatashuvchilarni jalb qilish, byudjet aviatashuvlarni tashkil qilish;

respublika hududlari o'rtasida aviaqatnovlarni rivojlantirish;

yangi temir yo'llarni qurish va mavjudlarni takomillashtirish, yuqori tezlikda harakatlanadigan elektropoyezdlardan foydalanishni kengaytirish;

sifatli transport xizmatlarini ko'rsatish uchun transport vositalarining harakatlanuvchi tarkibini muntazam yangilab borish.

Yuqorida sanab o'tilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish:

xalqaro parvozlar va to'g'ridan-to'g'ri, shu jumladan mamlakatning tarixiy shaharlariga reyslarning geografiyasini kengaytirish, aviaqatnovlar sifatini oshirish va qiymatini pasaytirish;

o'z ichiga havo, temir yo'l va avtomobilь transportini qamrab olgan qulay va arzon transport logistikasini ta'minlash, respublika hududlariga va xorijiy davlatlarga sayohatlarni amalga oshirishda qulay shart-sharoitlar yaratish;

mamlakatni yo'lovchilar tashish sohasida yirik mintaqaviy transport «xabi»ga aylantirishni ta'minlaydi.

4) quyidagilarni ta'minlash maqsadida turizm bozorining turli qatlamlariga mo'ljallangan turistik mahsulotlar va xizmatlarni diversifikatsiya qilish orqali mavsumiy omillar ta'sirini kamaytirish bo'yicha kompleks chora-tadbirlarni qabul qilish:

turizm yo'nalishlarini tizimlashtirish va pasportlashtirishni amalga oshirish, O'zbekiston Respublikasining marshrutlari tarmog'i va turizm namoyishi ob'ektlarining yagona axborot bazasini shakllantirish;

O'zbekiston Respublikasining xilma-xil hamda yilning turli fasllarida jozibador va raqobatbardosh turistik mahsulotlari, shu jumladan mamlakat hududlarida tematik turistik zonalari va klasterlarni yaratish orqali hamda turizmning istiqbolli turlari (ziyorat, ma'rifiy, ekologik, etnografik, gastronomik, sport, davolovchi-sog'lomlashtiruvchi, qishloq, sanoat, ishbilarmonlik va boshqalarni) hisobga olgan holda, yangi turizm dasturlarini ishlab chiqish;

zamonaviy va raqobatbardosh hunarmandchilik-suvenir mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda «MICE — turizm»ni rivojlantirish bo'yicha dasturiy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish.

Yuqorida sanab o'tilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish:

bir nechta turizm turlarini birlashtirish hamda turli-tuman tadbirlar bilan boyitish orqali taklif etiladigan turistik turlarining jozibadorligini oshirish, mamlakat bo'ylab turistik turlarining o'rtacha davomiyligini kamida ikki sutkaga oshirib, 8 sutkagacha yetkazish, shaharlar bo'yicha esa amaldagi 1,5 — 2,0 sutkadan 3 sutkagacha ko'paytirish;

turizmning barqaror rivojlanishi va mamlakatimizga takroriy tashriflar soni oshishini ta'minlaydi.

5) respublika ichida turizm xizmatlariga bo'lgan ehtiyojni qondirishga qaratilgan turizm faoliyati sub'ektlarining faolligini rag'batlantirishni ta'minlaydigan ichki turizmni rivojlantirish, xususan:

turistik-ekskursion xizmatlar iste'moliga aholining keng qatlamlarini jalb qilish, ichki turizm harakatining ommaviyligini qayta tiklash, turizm xizmatlarini ishlab chiqish hamda mavsumiy notekislik oqibatlarini yumshatishda keng miqyosli ta'sirdan foydalanish maqsadida «O'zbekiston bo'ylab sayohat qil!» Dasturining amalga oshirish mexanizmini takomillashtirish;

ijtimoiy, madaniy-rivojlantiruvchi, ekologik, etnomadaniy hamda qishloq turizmi dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;

umumiy va kasb-hunar ta'limi dasturlariga turistik ekskursiya tadbirlarini kiritish.

Yuqorida sanab o'tilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish:

sifatli turistik mahsulotlarni shakllantirish, mavsumiy omillarga bo'lgan qaramlikni kamaytirish hamda mehmonxonalar yuklovini, ayniqsa yilning nomavsumiy oylarida oshirish maqsadida ichki resurslardan samarali foydalanish;

hududlar o'rtasida turistlar ichki oqimini kengaytirish, ular sonini yiliga 14 milliondan 19 milliongacha oshirishga imkon beradi.

6) Quyidagilar orqali O'zbekiston Respublikasi turistik mahsulotini ichki va tashqi turizm bozorlarida ilgari surish, uning sayohat va dam olish uchun xavfsiz mamlakat sifatidagi imidjini mustahkamlash:

O'zbekiston Respublikasining yagona milliy turizm brendini yaratish hamda unga asosan har bir hududning o'ziga xos xususiyatidan kelib chiqib, hududlarning turizm brendlarini yaratish;

barqaror, asosan muhim hamda yo'naltiruvchi turistik bozorlarga qaratilgan milliy turistik mahsulotni ilgari surish bo'yicha samarador strategiyasini ishlab chiqish;

milliy turizm bozorida mintaqadagi eng yirik turizm ko'rgazmalaridan birini tashkil qilish maqsadida sohadagi ko'rgazma faoliyatini jipslashtirish va qo'llab-quvvatlash;

mamlakatda va xorijda imidjni targ'ib qiluvchi reklama-axborot kampaniyasini o'tkazish;

turistik xarakterga ega xalqaro tadbirlarda turizm tashkilotlarining o'zi ishlab chiqargan mahsulotlarini ilgari surish bo'yicha ishtirokini rag'batlantirish;

respublika bo'yicha bepul faoliyat ko'rsatuvchi, shu jumladan bron qilish, suvenirlar, kitoblar va turizm xaritalari bo'yicha ma'lumot beruvchi axborot shoxobchalari sonini oshirish;

yuqori turistik salohiyatga ega bo'lgan hududlarda xavfsiz turizmni ta'minlash bo'yicha ichki ishlar organlarining maxsus bo'linmalarini tashkil qilish, ularni zamonaviy texnika va transport vositalari bilan ta'minlash.

Yuqorida sanab o'tilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish mamlakatimizni rivojlangan turizm industriyasi hamda boy turistik salohiyatga ega bo'lgan, sayohat va dam olish uchun xavfsiz davlat imidjini shakllantirishga, shuningdek yangi turizm bozorlarini o'zlashtirish, xorijdan tashrif buyuruvchilar sonini yiliga 4,8 milliondan 9 milliongacha, shuningdek O'zbekistonga turistlarni jalb qilish bo'yicha xorijiy hamkorlar sonini oshirishga xizmat qiladi.

7) quyidagilarni nazarda tutgan yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, xizmat ko'rsatuvchi xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirish:

turizm sohasida kasb-hunar ta'limi muassasalaridagi kadrlari va bitiruvchilarining malakasini baholashni tashkil qilish;

turizm sohasida xalqaro talablarga javob beradigan uzluksiz, ko'p bosqichli ta'lim tizimini yaratish;

ta'limning amaliyotga yo'naltirilgan va modernizatsiyalashgan ta'lim standartlari, o'quv-uslubiy dasturlar hamda ilg'or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;

ichki va kirish turizmi sohasida bevosita turistik xizmatlarni ko'rsatuvchi turizm sohasi xodimlari (gidlar, yo'riqchi-kuzatuvchi, turizm faoliyati sub'ektlari, umumiy ovqatlanish tashkilotlari, transport va boshqalar xodimlari) uchun majburiy malaka talablarini belgilaydigan standartlar ishlab chiqish;

turizm sohasi xodimlarini turistlarga axborot berish ishlari va xavfsizlik bo'yicha yo'riqnomalarni o'tkazish qoidalarga o'qitish bo'yicha tizimni ishlab chiqish va joriy qilish;

ta'lim jarayoniga xorijiy mutaxassislarni jalb qilish orqali turizm sohasida kadrlar malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, shuningdek turizm sohasida kadrlar malakasini oshirish tizimini tashkil etish uchun, shu jumladan hududlarda ta'lim muassasalari sonini oshirish;

turizm sohasida kadrlar tayyorlash uchun yetakchi xorijiy oliy o'quv yurtlari filiallarini ochish.

Yuqorida sanab o'tilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish professional kadrlar tayyorlovi borasida integratsiyalashgan tizimni yaratish, ta'lim va xizmat ko'rsatish sifatini oshirish, yuqori malakali menejer, administrator, operator va portьe oshpazlarga bo'lgan ehtiyojni qondirishga xizmat qiladi.

4-bob. Yakuniy qoidalar

Kontseptsiyani amalga oshirish yuzasidan tizimli nazorat olib borish, umumiy muvofiqlashtiruv, tezkor ko'rib chiqish va respublikada turizmni rivojlantirish bo'yicha muammoli masalalarni hal etish turizmni rivojlantirish bo'yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan amalga oshiriladi.

Kontseptsiyani samarali amalga oshirish maqsadida Muvofiqlashtiruvchi kengashning ishchi organi sifatida O'zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi Kontseptsiyaning amalga oshirilishi yuzasidan monitoring olib boradi.



0 izox
Izox qoldirish
Saytimizning yangi talqini sizga yoqdimi?